Elena Sedina
Asboblar
Umumiy
Nashr/eksport qilish
Boshqa loyihalarda
Elena Sedina | |
---|---|
Mamlakat | Italiya |
Tugʻilishi | 1-iyun 1968-yil Kiyev, Ukraina, Sovet Ittifoqi |
Saravha | Xalqaro magistr Ayol grossmeyster |
FIDE reyting | [1] (fevral 2024) |
Yuqori reytingi | 2434 (Aprel 2003-yil) |
Elena Sedina (ruscha: Елена Седина; ukraincha: Оле́на Се́діна, Olena Sedina; 1968-yil 1-iyunda Kiyevda tugʻilgan) — Ukrainada tugʻilgan italiyalik ayol shaxmatchi, FIDE xalqaro usta (IM) va ayol grossmeyster (WGM) unvonlariga ega. U shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi Ukraina chempionati, shaxmat boʻyicha Avstraliya ochiq chempionati gʻolibi, shaxmat olimpiadasi va Mitropa kubogi oltin medali sovrindori.
Sedina yetti yoshida shaxmat oʻynashni oʻrgangan va oʻn bir yoshida ayollar oʻrtasida Kiyev chempioni boʻlgan. Oʻn olti yoshida u 1984-yilda Chernigovda 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida shaxmat boʻyicha Sovet Ittifoqi chempionatida gʻolib boʻlgan.
Sedina 1988-yilda va shuningdek 1990-yilda ham shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi Ukraina chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritadi.
U 1990-yilda Ayol xalqaro ustasi (WIM), 1996-yilda ayol grossmeyster (WGM) va 1999-yilda xalqaro usta (IM) unvonlarini oldi. Elena Sedina 1995-yilda Italiyaga koʻchib oʻtdi va 2001-yil aprel oyidan Italiya shaxmat federatsiyasida dona surishni boshladi.[1]
Sedina 1994-yildan 2000-yilgacha toʻrtta ayollar shaxmat Olimpiadasida Ukrainani va 2004-yildan 2012-yilgacha Italiya shaʼnini birinchi bortda himoya qilgan.[2] Uning eng yaxshi natijasi 1994-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan 31-shaxmat Olimpiadasida olimpiadadagi debyuti boʻlib, u yerda 10,5/12 ball toʻplagan va birinchi zaxira taxtasida oltin medalni va eng yaxshi reyting koʻrsatkichi uchun kumush medalni qoʻlga kiritdi.[3] Shuningdek, u 1996-yilda Yerevanda boʻlib oʻtgan 32-shaxmat Olimpiadasida 3-bortda bronza medalini qoʻlga kiritdi.[4]
Sedina 2001-yilda ayollar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatida qatnashdi va u yerda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi sobiq jahon chempioni Maya Chiburdanidze bilan baxsda ikkinchi raundda, 2004-yilda ayollar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatida birinchi raundda Elina Danielian tomonidan magʻlubiyatga uchragan va 2008-yilgi shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Sedina uchinchi raundga qadar chiqdi, ammo tezkor pley-offda ikkinchi oʻrin egasi Xou Yifan tomonidan magʻlub etildi.[5]
Jana Krivec bilan birga u 1997-yili Sloveniya ayollar jamoasi shaxmat chempionatida 7/7 ball toʻplagan va 1999-yilda Shveysariya jamoaviy shaxmat chempionatida 8/9 bilan eng yaxshi shaxmat oʻyinchisi boʻlgan.[6] U 2001-yilda San Martino di Castrozza Open turnirida gʻolib boʻldi, 2000-yilda ayollar oʻrtasida shaxmat boʻyicha Shveysariya chempionatida ikkinchi oʻrinni egalladi. 2001-yildagi musobaqada gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va 2004-yilda Genoa Centurini Open turnirida teng ravishda birinchi oʻrinni egalladi.[6][7]
2005-yil yanvar oyida u Viktoriya shtatidagi Buller togʻida boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha Avstraliya ochiq chempionatida 8,5/9 ball toʻpladi va turnirda gʻolib boʻlgan birinchi ayol boʻldi.[8][9]
2006-yili Turkiyaning Kushadasi shahrida shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi 7-Yevropa chempionatida Sadina 7,5/11 ball toʻpladi va bronza medaliga egalik qildi. Bu unga 2008-yilda Rossiyaning Nalchik shahrida boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini berdi va u Irina Krush va Nguyen Ti Than Anni magʻlub etib, 3-raundda Xou Yifan tomonidan yana bir marotaba magʻlub etildi.
2007-yilda Tunisning Sus shahrida oʻtkazilgan 5-Oʻrta yer dengizi shaxmat chempionatida bronza, 2008—2009-yillarda Turkiyaning Antaliya shahrida oʻtkazilgan 6-Oʻrta yer dengizi shaxmat chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi.[10]
Sedina 2008-yildan 2015-yilgacha Mitropa kubogida 8 marta Italiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. U ikkita shaxsiy oltin medalni (2008-yilda Olbia va Merlimont 2011-yil), toʻrtta jamoaviy oltin medalni (2008, 2010, 2011 va 2014-yillarda), bitta kumush jamoaviy medalni (2015) va Mitropa kubogida uchta bronza medalini (2009, 2012 va 2013-yillarda) qoʻlga kiritgan.[11]
U shaxmat boʻyicha bir nechta milliy chempionat jamoalarida oʻynagan, jumladan, Germaniyada OSG Baden-Baden jamoasi bilan, Mendrisio jamoasi bilan Shveysariyada, Fransiyada Clichy-Echecs-92 guruhi bilan va Angliyada Vud Green 1 jamoalari bilan dona surgan.
Sedina 1990-yilda Kiyev universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan. Shuningdek, u 1994-yilda Kiyev jismoniy tarbiya va sport institutida shaxmatchilar tayyorlash metodikasi fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.