Bosh Sahifa

Tanlangan maqola

Buxoro qamali — 1220-yil mart oyida, yaʼni moʻgʻullar tomonidan Xorazmshohlar davlatinining bosib olishi davrida sodir boʻlgan harbiy bosqin. Bosqinda Moʻgʻullar imperiyasining xoni Chingizxon sulton Muhammad II tomonidan boshqarilayotgan Xorazmshohlar davlati bilan tutashgan chegaraning turli tomonlaridan hujum uyushtirgan. Xorazmshoh yirik shaharlarni yakka tartibda mudofaa qilishni rejalashtirgan boʻlsa, moʻgʻullar chegara shahar — Oʻtrorni qamal qilib, Xorazmshohlar davlatiga qaqshatqich zarbalar berishni maqsad qilgandi. Buxoro shahri Xorazmshohlar davlatining yirik savdo va madaniy markazi boʻlgan. Shahar Moʻgʻullar imperiyasi bilan chegaradan ancha uzoqda joylashganligi sababli xorazmshoh bu shaharni himoya qilish uchun 20 000 dan kamroq askar ajratgan. Soni 30 000 dan 50 000 gacha boʻlgan moʻgʻul qoʻshinlari katta qoʻshin uchun oʻtib boʻlmas toʻsiq deb hisoblangan Qizilqum choʻlini kesib oʻtishga muvaffaq boʻlganlar. Buxoro mudofaachilari butunlay sarosimaga tushgan va muvaffaqiyatsiz jangdan soʻng tashqi shahar uch kun ichida taslim boʻlgan. Xorazmlik hukmdorga sodiq askarlar qal’a buzib tashlangunga qadar ikki haftadan kamroq vaqt davomida mudofaani davom ettirganlar. Moʻgʻul qoʻshini qoʻrgʻondagi barchani oʻldirib, aholining katta qismini qul qilib olgan. Mohir hunarmandlar mehnat mahsuli moʻgʻullar tomonidan oʻzlashtirilgan, boshqalar esa harbiylikka jalb etilgan. Garchi oʻsha paytda Buxoro yongʻinlar oqibatida vayron boʻlgan boʻlsa-da, talafot nisbatan kamroq boʻlgan. Qisqa vaqt ichida shahar yana savdo va madaniy markazga aylanib, Pax Mongolica davrida yanada rivojlangan. (Davomi...)

Yaxshi maqola

Afgʻoniston 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida — Afgʻoniston islom respublikasi 2004-yilning 13–29-avgust kunlari Gretsiyaning Afina shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Ushbu Olimpiada Afgʻonistonning umumiy hisobda Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi oʻn birinchi va 2003-yili Afgʻoniston Milliy olimpiya qoʻmitasi (MOQ) Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tarkibida qayta tiklanganidan keyingi ilk ishtiroki boʻlgan. 1996—2001-yillarda Afgʻonistonni boshqargan „Tolibon“ harakati mamlakatda ayollar huquqlari borasida bir qancha cheklovlar eʼlon qilgan edi. 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlariga Afgʻoniston delegatsiyasi besh nafar sportchidan iborat jamoa, jumladan, sprinterlar Mas’ud Aziziy va Robina Muqimyar, bokschi Basharmal Sultoniy, dzyudochi Friba Rizoiy hamda kurashchi Bashir Ahmad Rahmatiylar bilan tashrif buyurgan. Muqimyar va Rizoiy Afgʻoniston delegatsiyasi tarkibida Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan ilk ayol sportchilar boʻlgan. Delegatsiya tarkibidagi hech bir sportchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha birinchi turdan keyingi bosqichga oʻta olmagan. Biroq ular orasida eng yaxshi koʻrsatkichni yengil atletikachi Muqimyar qayd etgan boʻlib, u oʻz yoʻnalishida yaʼni ayollar oʻrtasida 100 metrga yugurish bahslarida mamlakat milliy rekordini oʻrnatgan.(Davomi...)

Xushsifat maqola
Acquacotta.
Acquacotta.

Acquacotta — italyan oshxonasida asosan issiq bulyon asosida tayyorlanadigan nonli shoʻrva. U dastlab dehqonlarning taomi sifatida tayyorlangan. Italyanlar bu ovqatni tayyorlash va isteʼmol qilishni qadim zamonlarda boshlagan. Bu taom ilk bora janubiy Toskana va Latsio shimolidagi Maremma deb nomlanuvchi qirgʻoq hududida tayyorlanganligi aytiladi. Mazkur yegulik turi qotgan va eskirgan nonni isteʼmol qilish uchun bir vosita sifatida oʻylab topilgan. Zamonaviy davrda taom uchun foydalaniladigan masalliqlar turi koʻpayib, baʼzan qoʻshimcha mahsulotlardan ham keng foydalanila boshlangan. Shoʻrvaning „acquacotta con funghi“ va „acquacotta con peperoni“ kabi turlari mavjud.(Davomi...)